545 ta maktabda ta’lim sifati pastligi ma’lum bo‘ldi

19:00 / 18.04.2024
11.97k
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2024-yil 26-mart kungi 95-sonli buyrug‘i bilan 2024-2025 o‘quv yili uchun ta’lim sifati past maktablar ro‘yxati tasdiqlandi. Mazkur maktabga borib ishlaydigan pedagoglarga qo‘shimcha ustamalar to‘lab beriladi.
Ma’lum bo‘lishicha, hududiy boshqarmalar tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2024-yil 30-yanvardagi 24-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha baholash mezonlari”ga asosan umumta’lim maktablari faoliyati baholangan hamda baholash natijalari asosida 545 ta maktab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan ta’lim muassasasi deb topilgan.
O‘tgan yili shunday maktablar ro‘yxati 642 ta edi. Bu yil ta’lim sifati past bo‘lgan maktablar soni 97 taga qisqargan. 2024-2025 o‘quv yili uchun ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxati bilan mana bu manzilda tanishib chiqishingiz mumkin.
Ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga boshqa hududlardan jalb etilgan o‘qituvchilarga qanday ustamalar to‘lanadi?
Ma’lumkimki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktabrdagi 646-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra oliy ma’lumotga va birinchi yoki oliy malaka toifali, kamida bir yil pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan pedagoglar ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga boshqa hududlardan jalb etilgan taqdirda ularga 50 foizdan – 100 foizgacha ustama to‘lanadi.
Bunda boshqa hududlardan jalb etilgan o‘qituvchi-pedagoglarga quyidagicha miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanadi:
- bir viloyat doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
- boshqa viloyatdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustama.
Boshqa hududdan ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga jalb etilgan pedagoglarga faoliyat olib borgan davriga, biroq 2 yildan ortiq bo‘lmagan muddat davomida xizmat uy-joylari yoki tuman (shahar)lar mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pullik kompensatsiya to‘lab berilishi ham ta’minlanadi.
Agar pedagog xodim amalda ishlayotgan ish joyida direktor jamg‘armasi hisobidan ustama olayotgan bo‘lsa, bu ustamalar ta’lim sifati past bo‘lgan maktabda ish boshlagan taqdirda ham bir o‘quv yili davomida saqlanib qoladi. Boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar ular borgan maktab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatidan chiqarilgan yildan keyingi o‘quv yili uchun ham to‘lanadi.
Agar ana shu maktablar olis hududda joylashgan maktablar ro‘yxatiga ham kirsa, boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritadigan pedagog xodimlarga quyidagi miqdorda ustamalar to‘lanadi:
- 6 oydan – 3 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 10 foiz;
- 3 yildan – 5 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 20 foiz;
- 5 yildan – 10 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 30 foiz;
- 10 yildan – 15 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 40 foiz;
- 15 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga esa 50 foiz ustama to‘lab beriladi.
Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 471-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-yanvardagi PQ-4940-son qarorida qayd etilgan.
2021-yil 1-yanvardan boshlab olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan o‘qituvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi to‘lab berish yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni vaqtda ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus platformaga joylashtirilgan. Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish istagini bildirgan o‘qituvchi-pedagoglar belgilangan tartib bo‘yicha ishchi guruhlar tomonidan saralanadi.
Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tib, ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga ishga kirish bo‘yicha 25-avgustga qadar ariza yozgan o‘qituvchi-pedagoglar qonunchilikda belgilangan tartibda maktab direktorlari tomonidan ishga qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktabga borib ishlamoqchi bo‘lgan o‘qituvchi tegishli fan yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga va birinchi yoki oliy malaka toifasiga ega bo‘lishi, kamida bir yil pedagogik ish staji hamda amalda faoliyat yuritayotgan maktabi ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatida bo‘lmasligi kerak.
Izohlar 1
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

20:13 / 27.10.2024
Maktablarda 4-noyabrdan kuzgi ta’til boshlanadi

17:35 / 22.10.2024
Vazir Hilola Umarova maktablardagi hujjatlar raqamlashtirilsa, qancha mablag‘ tejalishini aytdi

13:39 / 21.10.2024
“Dekret”dan erta qaytgan pedagoglarning malaka toifasi muddatini uzaytirish imkoni yaratildi

22:02 / 19.10.2024
Maktabgacha ta’lim sifatini baholash natijalari e’lon qilindi
Mavzuga doir yangiliklar

O‘qituvchi ikkita sertifikatga ega bo‘lsa, ikkisi uchun ham ustama to‘lanadimi?
Ustamalar yuqoriroq ustama olish huquqini beruvchi sertifikat bo‘yicha to‘lanadi
16:59 / 27.10.2024

Prezident qarori bilan o‘qituvchilarga ustama to‘lab berishdagi muammolar ijobiy hal etildi
Pedagoglarga iyun-avgust oylarida ustama to'lab berish muammoga aylangandi
15:39 / 15.10.2024

Podkast
Pedagoglar ustamalarning qancha qismidan foydalanyapti?
12:00 / 17.05.2024

Pedagog xodimlarga beriladigan qanday ustama turlari bor?
Pedagog xodimlarning erishgan natijasiga qarab, ularga turli xil ustamalar belgilanadi.
00:00 / 26.02.2024
Izohingizni tahrirlang